Mazkur nufuzli Forum o‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi, Xalqaro press-klub hamkorligida tashkil etildi.
Unda mahalliy hamda Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari jurnalist va muharrirlari, vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, bu borada global hamda mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish, so‘z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida munozaralar va o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olishdan iborat.